Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan 24−27 mart kunlari har kuni Rossiyaning Moskva shahridan 1 tadan jami 4 ta reys (RF mahalliy vaqti bo‘yicha soat 17:00da), Turkiyaning Istanbul shahridan 24 hamda 27 mart kunlari 2 ta reys (Turkiya Respublikasining mahalliy vaqti bo‘yicha soat 23:00da) amalga oshiriladi. Bu haqda Koronavirus Info Telegram-kanalida xabar qilindi.


Koreyaning Seul shahridan 29 mart kuni amalga oshiriladigan charter reys vaqti aniqlanmoqda. Shuningdek, kelgusi haftada ham Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Turkiyaning Istanbul, BAAning Dubay shaharlaridan fuqarolarni charter reyslari orqali evakuatsiya qilish ishlari davom etadi.

Respublika maxsus komissiyasi samolyot ekipaji a’zolari ham xavfsizlik nuqtai nazaridan, koronavirus inkubatsiyasi davridan kelib chiqib, karantin ostida saqlanishini hamda maxsus komissiya tomonidan mazkur masalani imkon qadar qisqa muddat ichida bartaraf etish choralari ko‘rilayotganligini inobatga olgan holda, chet elda bo‘lib turgan fuqarolardan sabrli bo‘lishni so‘radi.

Charter reyslar orqali mamlakatga olib kelinadigan barcha fuqarolar maxsus komissiya talablariga muvofiq, maxsus tekshiruvlardan o‘tkaziladi va qat’iy ravishda respublikaning hududlarida karantin tadbirlari uchun tashkil etilgan sanatoriy va boshqa muassasalarda 14 kunlik karantinda nazoratda saqlanadi.