O‘zbekiston bosh sanitar vrachi Bahrom Almatov juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirus bo‘yicha mamlakatdagi mavjud vaziyat, ushbu infeksiyaning oldini olish va boshqa savollarga javob berdi.

Kasallik aniqlangan bemorlarning ahvoli qanday?

Koronavirus aniqlangan bemorlarning ahvoli o‘rta-og‘irlikda, barqaror. Bundan oldin tushgan bemorlar davolanish jarayonida sog‘ayib bormoqdalar, ular o‘zlarini yaxshi his etishmoqda. Bu haqda

Bugungi kunda davolanish muassasalarida tashkil qilingan dori-darmonlar zaxirasi, kerakli tibbiy asbob-anjomlar, ularni to‘liq tekshirish, o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yish hamda qisqa muddatda samarali davolash uchun barcha sharoitlar mavjud.

Kasallikning mamlakatimizda keng tarqalib ketishining oldini olish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari tomonidan hukumat miqyosida tashkil qilingan maxsus komissiya doimiy ravishda o‘z faoliyatini davom ettirib bormoqda. Ushbu komissiya qarori bilan tashqi qilingan Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi huzuridagi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshida tuzilgan shtablar tunu kun faoliyat yuritmoqda. Xalqimizning koronavirus haqidagi savollariga javob berish uchun tashkil qilingan Call-markazlar ham to‘xtovsiz faoliyatini davom ettirmoqda.

Mazkur maxsus komissiya qarorlari bilan kasallikning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida keng qamrovli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda…

Hozirda O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi bo‘yicha vaziyat barqaror. Ushbu kasallikning xalq orasida keng tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kasallikning xalq orasida tarqalib ketishi borasida xavotirlarga o‘rin yo‘q, chunki vaziyat nazorat ostida. Profilaktik choralarni ko‘rish jarayoniga xalqaro ekspertlar jalb qilingan.

Hozirgina Xitoy Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemiologiya xizmati rahbarlari bilan telemuloqot davrida tajriba almashdik, ular amaliyotda qo‘llagan samarali usullarni o‘zimizda ham joriy etish masalasini ko‘rib chiqayapmiz.

Qolaversa, kasalliklarni erta aniqlash, ularni samarali davolash masalasida ham ularning tajribasini o‘rganib, kerakli ma’lumotlarni oldik.

Dezinfeksiya tadbirlari qay darajada o‘tkazilmoqda?

Virus dezinfeksiya vositalariga juda ham sezgir. Ya’ni, kam miqdordagi konsentratsiyadagi dezinfeksiya moddalarida tez o‘ladi. Shuning uchun, avvalambor jamoat joylarida, jamoat transportlarida, o‘quv va davolash muassasalarida, umuman, barcha korxona-tashkilotlarda dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazishni tavsiya qilganmiz.

Maxsus komissiya qarorlari bilan dezinfeksiya ishlarini tizimli ravishda amalga oshirish joriy qilingan. Bugungi kunda bu ishlar mamlakatda 218 ta sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari, qolaversa, 196 ta xo‘jalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ijtimoiy ob’ektlar va xo‘jalik sub’ektlarida ushbu tadbirlar shartnoma asosida o‘tkaziladi. Ko‘cha-ko‘y, ko‘pchilik foydalanadigan ob’ektlar, bolalar o‘yin maydonlari va boshqa joylarda bepul o‘tkazish tashkil qilingan.

Buning uchun bizda tegishli ishchi kuchi, gidropolit, avtomaks kabi dezinfeksiyalovchi uskunalar hamda dezinfeksiyalovchi moddalar yetarlicha ta’minlangan. Dezinfeksiya stansiyalari zaxirasida 100 tonnadan ortiq dezinfeksiyalovchi moddalar mavjud.

Maktablarda o‘z hisoblaridan dezinfeksiya o‘tkazilmoqda. Bu to‘g‘rimi?

Bu yerda maktab ma’muriyati tomonidan (dezinfeksiya o‘tkazishni tashkil etish) amalga oshirilishi kerak edi. Maktab ma’muriyati bilan xo‘jalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyalari o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan ushbu tadbir joriy qilinishi kerak edi. Bolalardan, aholidan bu tadbir uchun pul olish — noto‘g‘ri.

Fuqarolar o‘zlarini kasallikka tekshirishlari uchun qayerga murojaat qilishlari kerak? laboratoriyalar kerakli uskunalar bilan ta’minlanganmi?

Bugungi kunda o‘zida shamollash alomatlari bor bo‘lgan yoki chet elga borib kelgan fuqarolar ham bizga murojaat qilishmoqda. Respublika bo‘yicha 16 ta virusologik laboratoriyalarda ushbu tahlil o‘tkaziladi. Buning uchun birinchi navbatda epidemiologik ko‘rsatma bo‘lishi kerak. Ya’ni, ushbu fuqaro chet mamlakatlarga borib-kelgan yoki o‘zimizda koronavirusga chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, kasallikning klinik belgilari qayd etilgan bo‘lsa. Ular: haroratning yuqoriligi, quruq yo‘tal, nafas qisishi hamda holsizlik. Ushbu belgilar bor bo‘lgan bemorlar bizning hududiy laboratoriyalarimizga murojaat qilishi mumkin. U yerda maxsus tashkil eilgan xonalarda namunalar olinadi. Namunalar javobi chiqqunga qadar to‘rt soat davomida kutish xonalarida kutib tursa, javobini bilib, uylariga xotirjam ketishlari mumkin.

Tekshiruvlar bepulmi?

Tekshiruvlar bepul. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasinining «Rospotrebnadzor»dan jami 9 mingta test jamlanmasini beg‘araz yordam orqali oldik. Xitoydan sotib olgan diagnostika uskunalarimiz bor. Shuningdek, JSSTdan beg‘araz yordam sifatida olinganlar bor. Bundan tashqari, diagnostika vositalarini sotib olish bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzish bo‘yicha ishlayapmiz. Shu kunlarda yana kelishi kerak. Seshanba kuni katta miqdordagi test-diagnostika vositalarini Xitoydan olib kelishni rejalashtirganmiz.

Virusdan tuzalgan insonlarda yana qancha vaqtda kasallik qaytalanishi mumkin?

Virusdan qaytalanish holatlari hali qayd etilmagan. Ushbu diagnoz bilan davolanib chiqqan bemorlarning qayta shifoxonaga tushishi masalasiga bugun, hozirgina bir masalaga aniqlik kiritdik. Xitoydagi hamkasblarimizga shunday savol bilan murojaat qilganimizda, ular bemorlar birinchi marta ushbu kasallik bilan davolanib chiqqanida, ularning hali to‘liq sog‘aymasdan turib erta chiqarib yuborilgani natijasida kasallikdan kelib chiqqan asoratlar ushbu bemorlarni qiynagani uchun qayta murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi.

Demak, kasallik qaytalanmaydi, faqat undan to‘liq davolanish uchun ma’lum bir muddat kerak bo‘ladi. Asoratlarining qolish-qolmasligi esa bemorning individual xususiyatlariga, salomatligi, immuniteti, yoshi va unga qilingan muolajalarning sifatiga bog‘liq.

Xalqaro tashkilotlar bilan kasallikning oldini olish bo‘yicha aloqalar o‘rnatilganmi?

Keyingi hafta amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan charter reysi orqali virusolog, immunolog va reanimatolog mutaxassislarni taklif qilganmiz. Bu masala bo‘yicha hozirda ishlayapmiz. Bundan tashqari, JSST ekspertlarini jalb qilganmiz. Ular bu yerda amalga oshirayotgan ishlarimizni ko‘rib, ularning samaradorligiga baho berib, dunyoda ushbu kasallik profilaktikasi bo‘yicha joriy etilayotgan yangi metodikalar yuzasidan bizga tavsiyalar berishmoqda.

Xususan, AQSHning CDC tashkilotida ko‘p yillar ishlagan xalqaro ekspertni jalb qildik. U ham kelib baho berdi. Bundan tashqari, MDH mamlakatlari bosh davlat sanitariya vrachlari bilan har hafta videoselektor tashkil qilganmiz. Shuningdek, «Ruspodrebnadzor» tashkiloti bilan juda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Qolaversa, Xitoydan keladigan mutaxassislar tajribalarini o‘rganib, o‘z tizimimizda qo‘llash hamda o‘z mutaxassislarimizni tayyorlashda ulardan foydalanishni rejalashtirganmiz.

Keyingi kuz-bahor mavsumida ushbu epidemiya takrorlanishi mumkinmi?

Ushbu kasallikning kelgusida takrorlanishi bo‘yicha turli xil bashoratlar bor. Ular jahon olimlari hamjamiyati tomonidan ilgari surilgan bashoratlardir. Lekin JSST tomonidan ushbu kasallik haqidagi barcha ma’lumotlar yig‘ilib, tahlil qilinib, aniq bir fikrga kelinmagan. Shuning uchun ehtimoldan holi emas. Bu virusning xususiyatlari hamda har bir hududning o‘ziga xosligi bilan belgilanishi kerak. Shuning uchun oldindan biror narsa deb aytishimiz qiyin.

Kun isib ketsa virus o‘ladi, deyishayapi. Bu to‘g‘rimi?

Albatta, haroratning yuqorili va havoning quruqligi virusning tashqi muhitda uzoq vaqt saqlanib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ya’ni, tez o‘ladi. Havo isishining ijobiy ta’siri bo‘lib, bemordan boshqa insonlarga infeksiyaning yuqishida o‘zining samarasi bor.

Karantin vaqtida nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Birinchi navbatda karantin kimga nisbatan belgilangan, degan savolga aniqlik kiritish kerak. Karantinga qo‘yiladigan odam: birinchisi, bu — bemor. Ikkinchi bo‘g‘in — bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar. Bugungi kunda barcha bemorlar Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasida davolanmoqda. Ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan odamlarning ham to‘liq ro‘yxati tuzilgan va epidemiologik tekshirishlar hali davom etayapti. Ularni Toshkent shahridagi davolash muassasalari — shifoxonalarga joylashtirib, tibbiy kuzatuvni yo‘lga qo‘yganmiz.

Uchinchi bo‘g‘indagi kishilar, bular — bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar bilan aloqada va muloqotda bo‘lgan uchinchi toifadagi shaxslardir. Ular uy sharoitida karantinga olingan. Ular uy sharoitida alohida xonada, agar oilaviy karantinda bo‘lsa, oilasidan tashqariga chiqmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilgan holda, doimiy ravishda niqoblarda yurishlari tavsiya etilgan. Ularning tashqariga chiqib, mahalla, ko‘cha-ko‘yda yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Ular kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yoki boshqa ehtiyojlari uchun zarur narsalar uchun tibbiyot xodimlarini jalb qilganmiz. Sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda ular ustidan doimiy kuzatuv joriy qilingan.

Bugungi kunda ikkinchi toifaga mansub shaxslar soni 4,5 ming nafardan ortiq. Bundan tashqari, uchinchi toifaga mansub kishilar ro‘yxatini shakllantirib, ichki ishlar organlari xodimlari bilan birgalikda ish olib bormoqdamiz. Bugungi kunda bunday kishilar soni 17 ming nafarga yetdi. Har bir viloyatda bunday kishilar bor, lekin asosiy qismi Toshkent shahrida.

Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida bu kasallik gumon qilingan shaxslar orasida aniqlanmoqda. Tashqariga chiqilishiga yo‘l qo‘yilmayapti. U bois epidemiologik vaziyat barqarorligi ta’minlanmoqda.

Shifokorlar orasida virusga chalinganlar bo‘ldimi?

Yo‘q. Epidemiya boshlangan paytda shifokorlarning kasallik profilaktikasi, epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha bilimlarini yangilab, ularga tegishli ko‘rsatmalar berib, o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazganmiz. Bundan tashqari, ushbu kasallikning oldini olish bo‘yicha shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojlar hisoblab chiqilgan va ularning har biri kombinzon, ko‘zoynak, respiratorlar, qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot asbob-anjomlari bilan ta’minlangan.

Karantinda vaqtida immunitetni ko‘tarish uchun nimalarni iste’mol qilish kerak?

Har bir organizmning kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini oshirish uchun yaxshi ovqatlanish kerak. Birinchi navbatda mineral elementlar va vitaminlarga boy bo‘lgan ovqatlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Ular ko‘katlar, meva-sabzavotlarda ko‘p miqdorda bo‘ladi. Undan tashqari, oqsilga boy: go‘sht mahsulotlari, tuxum, baliq mahsulotlarini iste’mol qilish organizmning kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi.

Virusning chorva mollari va parrandalarga yuqish ehtimoli bormi?

Yo‘q, unday holatlar aniqlanmagan. Bu virus Xitoydagi ko‘rshapalaklarda aniqlangan. Ko‘rshapalaklar o‘rtasida aylanib yuradigan viruslar tekshirib ko‘rilganida, hozirda odamlarda aniqlanayotgan viruslar bilan genomi 95 foiz bir-biriga mos kelishi olimlar tomonidan aniqlangan. Ushbu virus boshqa hayvonlarda kuzatilmagan.

Shunday bo‘lsa ham, nafaqat chorva mahsulotlari, umuman, barcha iste’mol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining tozaligi, xavfsizligiga e’tibor qilish hamda ularni pishirish jarayonida belgilangan qoidalarga qat’iy rioya etilsa, nafaqat koronavirus, balki barcha parazitar kasalliklardan o‘zini saqlab qolgan bo‘ladi.

Isiriq yordam beradimi?

Isiriq to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam bermaydi. Lekin uning foydali xususiyatlari juda ham ko‘p. Isiriq odamning kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini kuchaytiradi. Ya’ni, organizmda interferon moddalarining ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Interferonlar, bilasizlar, virusli, bakterial kasalliklarga qarshi organizmning o‘zida ishlab chiqariladigan himoya moddalaridir. Undan tashqari, isiriqning tutatilishi yuqori nafas yo‘llarida ularning retseptorlarini qo‘zg‘atib, aksirish refleksini keltirib chiqaradi. Odamlar aksirgan vaqtda nafas yo‘llarida tutib qolingan chang zarrachalari, mikroblarni tashqariga chiqarib yuboradi. Demak, nisbatan tozalash imkoniyatini beradi.

Koronavirus yosh bolalarga deyarli yuqmasligi to‘g‘rimi?

Ha, o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ushbu kasallik 0,9 foizni tashkil etmoqda. Ularda kasallik yengil o‘tadi. Chunki bolalarda regeneratsiya jarayoni kuchli bo‘lgani, immuniteti kattalarga nisbatan kuchli bo‘lgani uchun ushbu kasallik yengil o‘tadi, tez tuzaladi va kamroq kasal bo‘ladi. Kasallik asosan oltmish yoshdan o‘tgan odamlarda og‘ir kechmoqda. Butun dunyo bo‘yicha shunday holat kuzatilgan. Shu bois xastalikka chalinishga moyilligi yuqori bo‘lgan aholi qatlami, ya’ni keksalar, otaxon-onaxonlar bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqib ko‘chalarga chiqishi tavsiya etilmaydi.

Kasallikka chalinganlar bepushtlikka uchraydimi?

Yo‘q, bunday ma’lumotga ega emasmiz. Jahon olimlari bu masalani o‘rganib ko‘rib, bunday xulosaga kelganlari yo‘q. Menimcha, unga ta’sir qilmaydi.