Misrning Almasria Universal Airlines aviakompaniyasi 18 mart kuni charter reys bilan Sharm-al-Shayxdan Navoiyga 181 nafar O‘zbekiston fuqarosini olib keldi, deya xabar qildi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati va aeroport ma’muriyati «Gazeta.uz»ga. Koronavirus tarqalgani sababli Misr aeroporti 19 martdan 31 martga qadar yopildi.

Samolyot Navoiy aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yo‘lovchilar u yerdan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining (NKMK) Karmana tumanida joylashgan sanatoriyasiga olib borildi.

98 erkak, 83 ayol va 39 bola 60 nafar shifokorlar nazorati ostida. Hozirgi vaqtga qadar ularning orasidan hech kim tana harorati oshgani yoki boshqa shikoyatlar bilan murojaat qilmadi.

Karantindagilar taom va zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlangan, deyiladi hokimlik xabarida.

17 mart holatida Misrda COVID-19 yuqtirganlar soni 196 kishiga yetdi, ularning 26 nafari to‘liq sog‘ayib ketdi, 6 kishi hayotdan ko‘z yumdi.