Qirg‘izistonda koronavirusga chalinish bo‘yicha ilk uchta holat qayd etildi. Bu haqda 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayev ma’lum qildi, deya xabar berdi AKIpress axborot agentligi.

Virus yuqtirganlarning barchasi Jalolobod viloyatining Suzak tumanidan bo‘lib, ular 12 mart kuni mamlakatga Saudiya Arabistonidan kichik haj (umra) amalini bajarib qaytgan va uy karantiniga joylashtirilgan.

16 mart kuni umradan kelgan ayollardan birining harorati ko‘tarilgan. Olingan tahlil natijalari 18 mart kuni ayolda koronavirus borligini tasdiqladi. U bilan birga Saudiya Arabistonidan 8 kishi kelgan va ularning uch nafarida koronavirus aniqlangan.