O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Toshkentda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan «Raqamli Toshkent» kompleks dasturini amalga oshirish bo‘yicha taklifga rozilik berildi. Uning asosiy vazifasi shahar xizmatlarini boshqarish, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, yo‘l-transport sohasi ob’ektlari va kommunal infratuzilmalarning integratsiyalashgan axborot muhitini yaratishdan iborat. Poytaxtda to‘plangan tajribalar keyinchalik mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etiladi.

Dasturga muvofiq 2020 yildan quyidagilar amalga oshiriladi:

  • 1 mayga qadar avia, temir yo‘l va boshqa transport xizmatlariga elektron chiptalarni onlayn sotib olish yagona axborot tizimini joriy etish;
  • 1 sentyabrga qadar barcha umumta’lim maktablarida jurnal va o‘quvchilarning kundaliklarini qog‘oz shaklida yuritishni bekor qilish hamda ularni elektron tarzda yuritishga mo‘ljallangan yagona axborot tizimini ishga tushirish;
  • 1 noyabrga qadar kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv va issiq suv) bo‘yicha to‘lovlarni onlayn to‘lash hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni ta’minlovchi «Mening uyim» yagona axborot tizimini joriy etish;
  • 1 dekabrga qadar «Yagona elektron tibbiy karta» axborot tizimini joriy etish va «Elektron poliklinika» axborot tizimiga 62 ta oilaviy poliklinikani ulash.

Qaror bilan Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida Raqamli rivojlanish departamenti tashkil etilmoqda. Shaharning geografik axborot-tahlil tizimini yaratish, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini, ma’lumotlar bazalarini va boshqa axborot manbalarini yagona dasturiy platforma orqali Toshkent hokimligining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash departamentning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Departament tuzilmasida tarmoq Loyiha ofislari tashkil etiladi. Ular dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning konsepsiyalari, loyiha va texnik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli yo‘nalishlardagi axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Loyiha ofislari, shuningdek, shahar xizmatlarining raqamli ma’lumotlarini birxillashtirish va ularning dasturga integratsiyalashuvi, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarida yagona identifikator va tasniflagichlarni joriy qilish hamda ulardan foydalanishni ham o‘z zimmasiga oladi.

Bundan tashqari, departament huzurida «Raqamli poytaxt» axborot-tahlil markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz shahar xizmatlarida axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi natijasida olingan ma’lumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash, shahar atrof-muhitini rivojlantirishda tizimli muammolarni aniqlash, shahar xizmatlari samaradorligini oshirish va umuman, shahar muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

1 aprelidan boshlab quyidagi yig‘imlar va jarimalar Toshkent shahar mahalliy byudjetiga o‘tkaziladi:

a) to‘liq miqdorda:

Toshkent shahrida tashqi reklama ob’ektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) huquqi uchun oylik yig‘im, tashqi reklama ob’ektlari uchun reklama joylari pasportlarini berishdan tushadigan mablag‘lar hamda tashqi reklama ob’ektlarini qurish huquqi uchun elektron auksion yakunlari bo‘yicha to‘langan mablag‘lar (auksion savdolarini o‘tkazganlik uchun savdo tashkilotchisiga to‘lanadigan mablag‘ chegirib qolingan holda);

Toshkent shahrida tashkil etilgan yo‘l chetida pullik vaqtincha avtomobil to‘xtab turish joylarida to‘xtab turish qoidalari buzilganligi uchun jarimalar;

b) Toshkent shahrida maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalarning 80 foizi, qolgan 20 foizi esa — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga.

Toshkent shahar hokimligining Ijro apparati tuzilmasiga axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hokim o‘rinbosari — Departament rahbari lavozimi kiritilmoqda.

1 sentyabrdan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishda davlat organlari va tashkilotlari quyidagilarga majburdirlar:

  • O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona texnologik yechimlar, tasniflagichlar va standartlardan foydalanish;
  • dasturiy mahsulotlarni joriy etishda asosan litsenziyalash cheklovlaridan xoli yagona ochiq formatdagi elektron hujjatlardan foydalanishni ta’minlash;
  • tasdiqlangan tegishli milliy standartlar va texnik talablarga muvofiq apparat-dasturiy tizimlarni o‘rnatish;

b) 1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash faqat quyidagi noyob identifikatorlardan foydalangan holda amalga oshiriladi:

  • jismoniy shaxslar — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
  • yuridik shaxslar — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
  • ko‘chmas mulk — kadastr raqami;
  • manzillar — geografik kod;
  • transport vositalari — transport vositasining identifikatsiya raqami.

Alohida hollarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli yo‘nalishlarda maxsus o‘ziga xos identifikatorlar belgilanishi mumkin.

1 mayga qadar shahar infratuzilmasining holati, davlat xizmatlarining sifati va aholini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun «Xalq nazorati» portali va mobil ilovasi ishga tushiriladi.

Raqamli Toshkent vaziyatlar markazi Shayxontohur tumani I.Karimov ko‘chasi 51-binoda joylashgan Toshkent shahar hokimligi hududida quriladi.