O‘zbekistonda matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutgan prezident qarori loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, matematika sohasida amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni taqdirlash maqsadida O‘zbekiston prezidentining Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotini ta’sis etiladi.

Mukofot bilan O‘zbekiston va chet el fuqarolari taqdirlanishi mumkin bo‘ladi. Mukofot bilan taqdirlash bo‘yicha harajatlar bir martalik to‘lov shaklida 100 ming AQSH dollari miqdorida O‘zbekiston Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mukofot O‘zbekiston prezidenti tomonidan har yili Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika fan va texnologiyalar kengashining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi.

Qaror loyihasining muhokamasi 31 martgacha davom etadi.