«Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturi doirasida, O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzurida yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi tegishli prezident qarorining loyihasi Regulation.gov.uz portalida e’lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, tashkil etilishi kutilayotgan Fiskal institut 2020−2021 o‘quv yilida 420 ta bakalavriat talabasini qabul qiladi. Ulardan 130 nafari davlat granti, 290 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Magistratura yo‘nalishiga esa 5 kishi davlat granti va 21 kishi to‘lov-shartnoma asosida o‘qish imkoniyatga ega bo‘ladi.

Institut «Soliqlar va soliqqa tortish», «Moliyaviy nazorat va audit», «Soliq, moliya va tijorat huquqi», «Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari» ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Shuningdek, oliygohda Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universiteti bo‘linmasi (fakulteti) tashkil etilishi kutilmoqda.

Fiskal institutni tashkil etish maqsadida Jahon banki tomonidan 10 mln dollar miqdorida kredit ajratiladi.

Institut boshqaruvi Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.