O‘zbekiston prezidenti 10 mart kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qonunga muvofiq, sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan qator qonunlar va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, «Sudlar to‘g‘risida"gi qonunga sudyalar o‘rtasida ishlarni taqsimlashga oid alohida modda kiritildi.

Unga ko‘ra, sudlarda ishlar sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvini hisobga olib, muhokama natijasidan manfaatdor shaxslarning ta’sir ko‘rsatishi istisno etiladigan tartibda, avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda taqsimlanadi.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeks da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborilishi mumkinligiga oid norma bilan to‘ldirildi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.