Milliy pasport o‘rniga joriy etilayotgan identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirganlik va berganlik uchun davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi (198470 so‘m) etib belgilandi, deya xabar berdi O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati prezidentning 6 martdagi qaroriga havola qilgan holda.

Hujjatga muvofiq, ID-karta shaxsni, fuqarolikni tasdiqlaydigan hujjat hisoblanib, O‘zbekiston hududida foydalaniladi. Ular 2021 yil 1 yanvardan boshlab yangi tug‘ilgan bolaga, O‘zbekiston fuqarosiga, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga va xorijiy fuqaroga 10 yil muddatga beriladi.

Biometrik pasportni ID-kartaga almashtirish:

  • 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida;
  • 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaroning yashash guvohnomasi ularning amal qilish muddati tamom bo‘lgunga qadar haqiqiydir. Ushbu hujjatlarning egalari ularni belgilangan tartibda ID-kartaga almashtirish huquqiga ega.

O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2030 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.