O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari Jizzax viloyatining «Forish» tog‘ poligonida «Yengilmas soqchi — 2020» qo‘shma o‘quv mashqlarini o‘tkazdi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar qildi.

24 fevraldan 2 martga qadar bo‘lib o‘tgan mashqlarning asosiy maqsadi har ikki mamlakat xavfsizlik kuchlari uchun notanish muammolarga duch kelganda tezkorlikni oshirish va harbiylar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hisoblanadi.

«AQSH nomidan ayrim qatnashchilar o‘quvlarda Florida shtati Tamp shahridagi „MakDill“ HHK bazasidan masofadan turib ishtirok etdi», — deya aniqlik kiritdi Amerikaning O‘zbekistondagi elchixonasi.

«O‘zbekiston bilan harbiy hamkorligimiz o‘zaro hurmat va mushtarak manfaatlarga asoslangandir, — dedi AQSH elchisi Daniel Rozenblyum. — „Yengilmas soqchi“ mashqlari kabi o‘quv dasturlari va qo‘shma javob mashqlari bizning O‘zbekiston bilan xavfsizlik sohasidagihamkorligimiz chuqur va kengligini ko‘rsatadi».