1 martdan boshlab MDH mamlakatlarida istiqomat qiluvchi va konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston fuqarolari ushbu mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarida xorijga chiqish uchun biometrik pasport olishlari mumkin. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Shu o‘rinda, respublika fuqarolari xorijga chiqish uchun biometrik pasportni olish va qabulga yozilish (biografik ma’lumotlar va biometrik parametrlarni topshirish maqsadida) uchun consulate.mfa.uz veb-portali orqali elektron ariza to‘ldirishlari mumkin.

TIV boshqa chet el mamlakatlarida ham pasport rasmiylashtirish tizimini bosqichma-bosqich tadbiq etish ustida ish olib bormoqda.

Bundan tashqari, 1 martdan boshlab consulate.mfa.uz veb-portalida konsullik ro‘yxatiga olish interaktiv tizimi joriy etilgan bo‘lib, buni fuqarolar masofadan turib O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga shaxsan kelmasdan amalga oshirish mumkin.