O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni pedagogika sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘tkazilgan tahlillar ta’lim sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatiga e’tiborni kuchaytirish, sohada ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etish, pedagogik ta’lim infratuzilmasini yaxshilash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Tarbiya va o‘qitish usullari, AKT va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan professional pedagog kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish va boshqalar pedagogika ta’lim sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab pedagogik ta’lim sohasining ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati 3 yilni tashkil etadi.

2020 yil 1 aprelga qadar pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish jarayonida abituriyentlarning pedagoglik kasbiga layoqati darajasini aniqlash mexanizmlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Hujjat bilan:

  • Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti;
  • Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti;
  • Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti;
  • Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti;
  • Qarshi davlat universitetining Pedagogika institutini tashkil etish belgilandi.

Ushbu pedagogika institutlari maqomi bo‘yicha mahalliy oliy ta’lim muassasasi filialiga tenglashtiriladi.

Dastlabki bosqichda Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘quv jarayoni o‘quv reja va dasturlar takomillashtirilgan holda ta’limning kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi. Mazkur OTMga xodimlariga pedagogika va o‘qitish metodikasi ixtisosliklari bo‘yicha dotsent va professor ilmiy unvonlarini berish huquqi taqdim etildi.

Bundan tashqari, kelgusi o‘quv yilidan boshlab pedagogik faoliyatda umumta’lim fanlari muhim o‘rin tutishini inobatga olgan holda alohida iqtidor talab etiladigan pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test sinovlari topshirish tartibi joriy qilinadi. Bunda, qoida tariqasida, majburiy uchta fan bo‘yicha test sinovlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari e’lon qilinganidan so‘ng o‘tkazilishi belgilandi.