Abbosov Nizomiddin Ravshanovich Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Uning nomzodi xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi O‘zA.Foto: O‘zA

Nizomiddin Abbosov (1977 y. t.) Toshkent moliya instituti (2000) va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2010) tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida bank va boshqaruv tizimida bir qator vazifalarda faoliyat yuritgan. Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Xalq banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan.

Xuddi shu kuni Xudoyberdiyev Furqat Abdusalomovich Bekobod tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Tashkiliy masala xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘zA

U 2018 yil sentyabridan buyon tuman hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Abdullayev Ne’mat Ozodovich o‘rniga tayinlandi.

Furqat Xudoyberdiyev (1979 y. t.) Toshkent davlat agrar universiteti (2000) va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2012) tamomlagan. Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan.

Xalq deputatlari Yangiyo‘l tumani Kengashining navbatdan tashqari uchinchi sessiyasida viloyat hokimi Rustam Xolmatov so‘zga chiqib, tumanda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar, hududning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muammoli holatlar haqida to‘xtalib o‘tildi, deya xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati. Deputatlar Yangiyo‘l tumani hokimi To‘xtaboyev Abduqahhor Abdusattorovichni egallab turgan vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullab, Yalgashev Ulug‘bek Usarovich nomzodini Yangiyo‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tasdiqladilar.

Foto: Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Ulug‘bek Yalgashev (1973 y. t.) Samarqand davlat me’morchilik instituti (1994) va Toshkent moliya institutini (2002) tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Moliya vazirligining viloyatlardagi boshqarmalari hamda O‘zbekiston Hisob palatasida turli vazifalarda ishlagan. Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Hisob palatasida bosh inspektor sifatida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, Odilxon Bakiyevich Rustamov nomzodi Toshkent tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Tashkiliy masala xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi. Ushbu lavozimga u Akbar Sulaymonov o‘rniga tayinlandi.

Foto: O‘zA

Odilxon Rustamov faoliyati davomida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi boshqaruv raisi, Toshkent shahar Shayxontohur tumani hokimi, Toshkent viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari v.v.b. lavozimida faoliyat yuritgan.