O‘zbekiston Oliy sudi va YUNISEF ilk bor sudda ishlar ko‘rilayotgan vaqtda jabrlanuvchi yoki jinoyat guvohi bo‘lgan bolalarga do‘stona muhitli xonani tashkil etdilar. U Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida foydalanish uchun topshirildi, deya xabar qildi xalqaro tashkilot matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.Bolalarning yoshi, yetukligi va ruhiy holati e’tiborga olingan holda, ular o‘zlarini erkin va xavfsiz sezishlari uchun mazkur xona qulay muhitni ta’minlaydi.

Bolalarga ruxiy shikast yetkazish ehtimolini imkon qalar kamaytirish maqsadida xona zamonaviy video va audio tizimi bilan jihozlangan. Bunday choralar jabrlanuvchi yoki jinoyat guvohi bo‘lgan bola sud muhokamasida ishtirok etayotganida u faqatgina suya bilan gaplashib, boshqa sud ishtirokchilari bilan har qanday muloqot qilishini istisno etadi.

«Sud bosqichida bolalarga do‘stona muhitli ushbu xonaning ochilishi BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining qonun bilan aloqada bo‘lgan bolalarni himoya qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha O‘zbekistonga yo‘llagan tavsiyalarini amalga oshirishdagi katta qadamdir», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

«Agar biz jabrlanuvchi yoki jinoyat guvohi bo‘lgan bolani ruxiy shikastlanishdan himoya qilmoqchi bo‘lsak, biz kamida ikki narsaga amin bo‘lishimiz kerak. Birinchidan, suhbat yoki tergov uchun muhit do‘stona bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, sud muhokamasida bola sudyadan boshqa sud jarayoni har qanday ishtirokchilari, jumladan, ayblanuvchi bilan muloqotda bo‘lmasligi kerak», — deb ta’kidladi u.

Bolalar uchun adolatli sudlovning xalqaro standartlariga muvofiq, jabrlanuvchi va jinoyat guvohi bo‘lgan bolalar uchun barcha bosqichlarda — sudgacha, sudda va suddan keyingi davrda — maxsus himoya choralari ko‘rilishi zarur. Bu shuni anglatadiki, qonunlar adolatli sudlov jarayonida ushbu zaif bolalar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar sonini cheklashi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil yanvarida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida YUNISEF ko‘magida bolalarga do‘stona muhitli birinchi tergov xonasi ochilgan edi. Shu yilning aprelida esa Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasida tergov o‘tkazish uchun maxsus majmua tashkil etildi. Uning xonalaridan biri bolalar o‘yin xonasi shaklida jihozlandi.