Advokatura sohasida davlat tomonidan tayinlanadigan himoyachilar bilan bog‘liq muammolar bor. Ko‘p holatlarda ayrim advokatlar ko‘p ishlarda aylanaveradi, dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

3 fevral kuni jurnalistlar bilan o‘tkazilgan vazirlik hisobot yig‘ilishida vazir «Gazeta.uz» muxbiriga davlat tomonidan tayinlanadigan ayrim himoyachilar chin dildan himoyaga otlanmasligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksi 50-moddasiga muvofiq, tanlangan himoyachining 24 soat ichida ishda ishtirok etishga kirishishga imkoniyati bo‘lmagan hollarda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoxud ularning qarindoshlariga boshqa himoyachini taklif etishni yoki himoyachi tayinlashni so‘rab, O‘zbekiston Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan belgilanadigan advokatlik tuzilmalariga murojaat qilishni tavsiya etadi.

Vazir «Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob qaytarib, qonunchilikdagi ushbu tartib, tergov organiga g‘aliz vakolatni berib qo‘yishini aytdi. U vaziyatdan xabardorligini bildirib, bu jarayonning aynan mana shu munosabatlar qismida adliyaning o‘rni yo‘qligini ta’kidladi.

«Rasmiy ravishda o‘rni yo‘q. Biz shuning uchun shu tizimga aralashib, hozir ya’ni qaror loyihasi qilganmiz: bepul huquqiy maslahat markazlarini tuzaylik, viloyat darajasida va respublika darajasida hamda advokatlarni tayinlanishi markaz tomonidan tartibga solinsin, degan loyiha ishlab chiqqanmiz», — deya qayd etdi advokatlari faoliyatiga ta’sir qilish vakolatida emasligini ta’kidlagan Ruslanbek Davletov.

Ma’lum qilinishicha, yangi taklifga binoan, barcha hududlarda bepul huquqiy maslahat markazlari tashkil etiladi. Markaz faoliyatidan advokatlarni avtomatik vazifalarga tayinlash tizimi ishga tushadi.

«Inson omili aralashmaydi, barcha himoyachilar umumiy bazaga kiritiladi. Tizimning o‘zi avtomatik tanlab bergan advokat o‘sha ishda qatnashishga majbur, bu uning chekiga bir yilda ikki marta tushishi mumkin. Masalan, Amerika tajribasida mavjud ushbu tizim orqali murojaat qilgan shaxs davlat tomonidan himoyachi tayinlanishini so‘raydi. Ba’zan juda kuchli advokatga to‘g‘ri keladi, u shu ishda qatnashadi. Millionlar sarflab bo‘lsa-da, obro‘ va nomi uchun shu ishda g‘alaba qilishga intiladi», — dedi Davletov.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda loyiha Moliya vazirligi mutasaddilari bilan kelishuvga kiritilgan.