Erkak kishi xiyonatda shubha qilib o‘zining homilador turmush o‘rtog‘ining ustiga benzin quyib, yoqib yubordi. Bu haqda Jizzax viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa 31 yanvar kuni soat 13.00 larda Jizzaxning «Mustaqillik» ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birining liftida sodir bo‘ldi. Fuqaro S.X turmush o‘rtog‘i M.U.ning boshqa erkaklar bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lib kelganligini gumon qilib, shu sababli u bilan janjallashib, uning homiladorligini bilgani holda, uni qasddan o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan birga olib kelgan benzin yonilg‘isini turmush o‘rtog‘ining ustiga sepib, o‘ta shafqatsizlik bilan yoqib yuborgan.

«Gazeta.uz»ning Bosh prokuraturadan aniqlik kiritishicha, ayol tanasining 55 foizi kuyga holda shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro S.X.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.