Vazirlar Mahkamasining 30 yanvardagi tegishli qarori bilan konsullik ro‘yxatida turuvchi O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berish tartibi belgilandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, konsullik ro‘yxatida turuvchi fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini berish, rasmiylashtirish va almashtirish:

  • xorijdagi konsullik muassasalari;
  • Tashqi ishlarvazirligining Konsullik-huquqiy departamenti;
  • Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Konsullik muassasalari tomonidan xorijga chiqish biometrik pasporti quyidagi O‘zbekiston fuqarolariga rasmiylashtiriladi:

xorijda doimiy yashaydigan va doimiy konsullik ro‘yxatida turadigan;

O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan va 6 oydan ko‘p muddatga xizmat safari, o‘qish, davolanish, kontrakt bo‘yicha ishlash, oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga vaqtinchalik yashash uchun chiqqan hamda konsullik muassasalarida vaqtinchalik ro‘yxatda turgan.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish O‘zbekiston hududida ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 kun muddatda, xorijda esa — diplomatik pochta jo‘natilishi jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.