2019 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga ajratilgan kreditlar umumiy hajmi undan avvalgi mos davrga nisbatan 54,7 foizga oshdi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining nominal o‘sishi esa 25 foiz atrofida kuzatildi, deb ma’lumot berdi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bexzod Hamroyev.

Xalqaro press-klub sessiyasida nutq so‘zlagan Bexzod Hamroyevning aytishicha, ushbu ko‘rsatkich qaysidir ma’noda nomuvofiqlik keltirib chiqaradi: iqtisodiyotning o‘sishidan ko‘ra unga ikki barobar ko‘p hajmda kredit ajratilgan.

«Joriy yilda oldimizda turgan birinchi masala, iqtisodiy kreditlar o‘sishi miqdorini, iqtisodiy o‘sishga muvofiq bo‘lishi, ya’ni 20−25 foiz atrofida bo‘lishini ta’minlashimiz kerak. Bitta narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman: bu — kredit kam bo‘ladi, yo keyingi yil banklar kredit bermaydi, degan tushuncha emas. Banklar keyingi yillarga beriladigan kreditlarni avvalgi kreditlarning qaytishi hisobidan ko‘proq berishi maqsadga muvofiq. Bunda muhim e’tiborli omil kreditlarning samaradorligi, ya’ni yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqlarga yoki korxonalarga ko‘proq kredit berilishidir», — deya fikr bildirdi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Bundan tashqari, Bexzod Hamroyev mahalliy banklar oldida turgan boshqa masalaga ham e’tibor qaratdi. Uning ta’kidicha, banklar raqamlashtirish borasida ortda qolmoqda. Prezident Oliy Majlisga murojaatnomasida ham aynan banklar faoliyatidagi transformatsiyaning sekin kechayotgani ta’kidlangandi. Qolaversa, ularning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha yetarli ishlar qilinmagani tan olingan.

O‘zbekiston banklarida davlatning ulushi qariyb 80 foizdan oshadi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari holatni tanqid qilib, ushbu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich pasaytirib borish, pirovardida banklarni salohiyatli investorlar qo‘liga topshirishni ma’lum qildi.