1 fevral kuni Toshkentda «Xalqlar do‘stligi» saroyi oldida O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga zamonaviy uskuna va anjomlar bilan jihozlangan 138 ta xizmat avtomobili topshirildi. Bu haqda YHXBB axborot xizmati xabar qildi.

Tadbir davomida namunali xizmat ko‘rsatgan xodimlar ham taqdirlandi. Bundan tashqari, 2019 yilda eng yaxshi natijalarga erishgan hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalariga avtomobillar topshirildi.


Shu kuni YHXBB binosida multimedia markazining ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Ushbu markazning tashkil etilishi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatini ommaviy axborot vositalarida xolis va professional tarzda yoritishni ta’minlashga qaratilgan.

Multimedia markazida axborot-tahliliy materiallar, jumladan, voqea joyidan reportajlar, teleko‘rsatuv va radio eshittirishlar, audio- va videoroliklar, ijtimoiy reklamalar tayyorlanadi.


Yangi markazning asosiy maqsadi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining shaffofligini ta’minlash va axborotni keng ommaga tezkor, ishonchli va ob’ektiv yetkazishdir.