Joriy yilning 27 yanvar — 6 fevral kunlari Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati ma’lumot berdi.

Tashrifdan maqsad etib, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib chiqish rejalashtirilgan.

Cotton Campaign — bu mehnat va huquqni muhofaza qiluvchi, investor va biznes-tashkilotlarining xalqaro koalitsiyasi bo‘lib, uning maqsadi paxta yetishtirish jarayonini bolalar mehnati hamda majburiy mehnatdan butkul xoli etishdir.

Koalitsiya O‘zbekiston hamda Turkmaniston davlatlarining paxta mahsulotlarini jahonga mashhur tekstil va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan boykot qilinishi tashabbuskori sanaladi.

Cotton Campaign koalitsiyaci tarkibiga dunyoga mashhur (Nike, Zara, GAP, Levi’s, H&M, UNIQLO va boshqalar) ishlab chiqaruvchilar vakillari, riteyler hamda kasaba uyushmalari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, AQSH moda sanoati assotsiatsiyasi, AQSH mehnat federatsiyasi hamda qator boshqa tashkilotlar kiradi.

2019 yilda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga chek qo‘yish maqsadida tizimli ishlar olib borildi. Aybdorlar, ayniqsa mansabdor shaxslarga qat’iy jazo choralari ko‘rildi.

Ularning qatorida 3 nafar tuman hokimi, 15 nafar tuman hokimi o‘rinbosari, shuningdek, respublikaning barcha hududlarda tuman moliya, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, irrigatsiya, tibbiyot, kadastr bo‘limlari, bank idoralari, Suvoqava DUK, Obodonlashtirish boshqarmalari, «Yoshlar ittifoqi» Kengashi, fermer xo‘jaliklari rahbarlari bor. Bundan tashqari yo‘l qo‘ygan kamchiliklari sabab 2 nafar tuman hokimi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Mazkur jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida paxta mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning «Uchinchi tomon monitoringi» mutaxassislari va huquq himoyachilari bilan majburiy mehnat holatlarini o‘rganish va monitoring qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatga to‘liq barham berish 2019 yil uchun ustuvor vazifalardan etib belgilangandi. Aynan shu sabab yil davomida ayni yo‘nalishda yangi mexanizm va tizim asosida ishlar olib borildi. Mazkur faoliyat endilikda ham davom etadi.