Tashkil etilayotgan Humo Air aviakompaniyasining biznes-modeli va rivojlanish strategiyasi yaqin oylarda ishlab chiqilishi haqida xabar bergandik.

Hukumat qaroriga asosan, kompaniya aviaparki uchun yangi va zamonaviy samolyotlar sotib olinadi, jumladan, lizing shartlari asosida. Shuningdek, «O‘zbekiston havo yo‘llari» tuzilmasida bo‘lgan «Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi» balansidagi 40dan ortiq «An-2» rusumli samolyotlar, aviatsiya mulki va boshqa mol-mulklar ham Humo Air ixtiyoriga beriladi. Ularning bir qismini sotish nazarda tutilgan.

Spot nashrining yozishicha, yangi aviakompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari» negizida tuzilgan Uzbekistan Airways bilan yetarli darajada raqobat qila olmaydi. Negaki, u ham davlat ulushi bilan ta’sis etilmoqda va qisqa masofalarga uchishi kutilmoqda. Humo Air uchun 2018 yili O‘zbekistonga vakillari tashrif buyurgan Bombardier samolyotlari sotib olinishi mumkin.

Humo Air ish boshlashi bilan ichki reyslarda arzonroq takliflar paydo bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Qolaversa, ayrim shahar aeroportlarida «ochiq osmon» rejimi joriy etildi va xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekistonga qatnovni kengayadi.

«Humo Air paydo bo‘lishi ichki bozorda Uzbekistan Airways muammolarini kamaytiradi. Negaki, 50 o‘rinli Airbus A320, 190 o‘rinli Boeing 757−200, hatto 264 o‘rinli Boeing 767−300ER bilan parvoz qilishga majbur bo‘layotgan aviakompaniya chipta narxlarini arzonlashtira olmaydi», — deydi Spot suhbatdoshi.

Uning qayd etishicha, mahalliy reyslarda boshqa aviakompaniyaning mavjudligi kichik aerodromlarning faollashuviga turtki bo‘lishi kerak. Masalan, hukumat qarorida Humo Air balansiga Sirdaryodagi aerodrom berilishi belgilangan.

Spot mahalliy aviakompaniyaning tashkil etilishi ichki migratsiya, turizmni rivojlantirish bilan birgalikda, yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilishiga urg‘u bergan.