Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga tashrifi davomida 2019 yil 1 avgust kuni Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Belarus Respublikasi hukumati o‘rtasida ta’limga oid va o‘qishga oid hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida bitim imzolangan edi.

Mazkur bitimni tasdiqlash bo‘yicha 2020 yil 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yuqorida ko‘rsatilgan xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.

Mazkur bitim ta’limga oid, o‘qishga oid hujjatlarni o‘zaro tan olish asoslarini belgilaydi. Hujjatlar akkreditatsiyalangan ta’lim muassasalarida yoki ilmiy tashkilotlar tomonidan berilgan bo‘lishi lozim.

Ikki davlatda ham berilgan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomalar o‘qishning davomiyligi 9 yildan kam bo‘lmasa, o‘zaro tan olinadi hamda hujjat o‘z egalariga umumiy o‘rta ta’limning keyingi bosqichida 10−11-sinfda yoki o‘rta maxsus, kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha davom ettirish huquqini beradi.

Belarus Respublikasida berilgan umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat, umumiy o‘rta ma’lumot bilan birga kasb-texnika ma’lumoti to‘g‘risidagi diplom va O‘zbekiston Respublikasida berilgan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestat, o‘rta maxsus, kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi diplom o‘z egalariga ta’limni oliy ta’limning bakalavriatida davom ettirish huquqini beruvchi ta’limga oid hujjat sifatida o‘zaro tan olinadi.

Oliy ta’lim olish davri 4 yildan kam bo‘lmagan holda ikki tomonda berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi bakalavr diplomi, o‘z egalariga o‘qishni oliy ta’limning ikkinchi bosqichida (magistratura) ta’lim dasturi bo‘yicha davom ettirish huquqini beruvchi ta’limga oid hujjat sifatida o‘zaro tan olinadi. Ikki tomonda ham berilgan magistr diplomlari oliy ta’limdan keyingi tayanch doktorantura dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqini beruvchi ta’limga oid hujjat sifatida o‘zaro tan olinadi.

Shu bilan birga bitimning 7-moddasiga asosan tomonlarning o‘quv davrlari yakunlanganini tasdiqlovchi hujjatlar o‘z egalariga tegishli bosqichlar yoki ma’lumot darajasi ta’lim dasturlari bo‘yicha Tomonlarning davlat ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish huquqini beruvchi o‘qish to‘g‘risidagi hujjat sifatida o‘zaro tan olinadi. Bu degani oliy ta’lim muassasalarining ma’lum kurslaridan ikki davlat o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish, yoki qo‘shma dasturlar asosida 2 yil O‘zbekistonda, keyingi 2 yilini Belarus Respublikasida o‘qish va bitirgach ikki davlatning ham diplomlarni olish imkoniyatlarni beradi.

Kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun esa O‘zbekiston Respublikasida ham Belarus Respublikasida ham amaldagi qonunchiligi doirasida sinov orqali yoki belgilangan imtiyozlarga ega bo‘lingan holatlarda maxsus sinovlarsiz amalga oshiriladi.

Ikki davlat vakolatli organlar orqali bitimning qoidalarini amalga oshirish yuzasidan o‘zaro maslahatlar o‘tkazish, o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor etish, shuningdek, ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarning nomlari va namunalarini o‘zaro ayirboshlash majburiyatini oladilar.