2019 yil mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 197 291 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shundan da’vogarlar foydasiga 11,7 trln. so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni 2018 yilga nisbatan 51 foizga kamaygan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

O‘tgan davrda eng ko‘p iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Andijon viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta’sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya’ni 126 678 tasi bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 3 676 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 2,4 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 31 948 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 1,3 trln. so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini kontraktatsiya, mahsulot yetkazib berish, kredit, kommunal va haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 675 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 345 ta qaror bekor qilindi va 115 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.