O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishidagi nutqida bugungi kun deputatlari doimiy izlanishda bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari Akmal Saidovni yangi lavozim (spiker Nurdinjon Ismoilovning birinchi o‘rinbosari — tahr.) bilan qutlab, mulohazasini bildirdi.

«U millatni sevadi. Bu inson uchun kichik ish yo‘q. Inson huquqlari bo‘yicha jonbozlik ko‘rsatdi, tinmay ilm oladi, izlanadi… Spikerning birinchi o‘rinbosari partiviylikdan holi ravishda umumdavlat manfaatiga mos keladigan taklif va g‘oyalarni ilgari surishi lozim. Avvalgiday, bayroqni ko‘tarib olib, „yest“ qilamiz, degan davrlar o‘tib ketdi», — deya ta’kidladi prezident.

Davlat rahbari deputatlar doimo o‘rganishda bo‘lishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

«Tayyor deputat, tayyor hokim tug‘ilmagan. O‘rganinglar, lozim bo‘lsa, tashkiliy masalada yordam beray. Ko‘zi yongan, tilni bilgan, xalqaro shartnomalarda kuchli bo‘lgan deputatlar paydo bo‘libdi, deyishsa, menga kuch-quvvat bo‘lasiz», — dedi prezident.

«Deputatlik odamdaan katta intellektual mehnat, tinimsiz izlanishni talab etadi. O‘zim ham deputat bo‘lib, uning sharaf ish faoliyat ekanini his etganman. Sizlar qanchalik tarixiy paytda xalq uyiga kelganingizni bilmaysiz, buni sezing. O‘z imzo va harakatingiz bilan namuna, o‘rnak bo‘ling», — ta’kidladi davlat rahbari.