Toshkent hokimligida Qobul hokimining ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Fozil Sharifiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati.

Qobul hokimi o‘rinbosari bugungi kunda Toshkent bilan birodarlashgan shaharlar ko‘pligini qayd etib, Qobul tomoni ham ularning safiga qo‘shilish niyatida ekanligini bildirdi. Shuningdek, ayni paytda Qobulda Temuriylar va Bobur davrida qurilgan tarixiy inshootlar borligini qayd etib, ularni rekonstruksiya qilishda bizning mutaxassislar maslahati va amaliy yordami ahamiyatli bo‘lishini ta’kidladi.

Muhammad Fozir Sharifiy Toshkent bozorlari ish tajribasini o‘rganish, Toshkent va Qobul hayvonot bog‘lari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni yig‘ish va utillashtirish yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflarini aytib o‘tdi.

Mehmonning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qobuldagi hayvonot bog‘ining hududi 6 gektardan iborot bo‘lib, hukumat tomonidan unga yana 20 gektar yer qo‘shib berildi. Shu sababli Qobul hokimligi bog‘ faoliyatini rivojlantirish uchun iqlimi o‘xshash bo‘lgan hududlarning shaharlari bilan yaqindan hamkorlikni o‘rnatish harakatida.

O‘zbekiston so‘nggi vaqtlarda Afg‘oniston bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni faollashtirish choralarini ko‘rmoqda. 2017 yil yanvar oyi oxirida O‘zbekiston delegatsiyasining Kobulga tashrifi chog‘ida tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzoladi.