Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mixail Mishustinni bosh vazir lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi, deb xabar berdi Novosti RAA.

Avvalroq Rossiya Davlat Dumasi Rossiya bosh vaziri lavozimiga Mixail Mishustin nomzodini ma’qullagan edi. 424 deputatdan 383 deputat yoqlab ovoz berdi, hech kim qarshi bo‘lmadi, 41 kishi betaraf qoldi.

Davlat dumasida chiqish qilgan Mixail Mishustin yangi hukumatni qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan yaqin hamkorlik qilishga va hukumatning barcha a’zolarining «milliy rivojlanish maqsadlariga erishish uchun» shaxsiy javobgarligini belgilashga va’da berdi. Shuningdek, u mudofaa sanoatini takomillashtirish, tadbirkorlarni himoya qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, manzilli ijtimoiy yordam, biznesga bo‘lgan ishonchni tiklash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mamlakatning real iqtisodiyoti va texnologik rivojlanishiga «uzoq»dagi pullarni jalb qilishni yoqlab chiqdi.

Mixail Vladimirovich Mishustin (1966 yilda tug‘ilgan) — iqtisod fanlari doktori, 2010 yildan beri Rossiya Federal Soliq xizmatini boshqarib kelayotgan edi. Ilgari u, shuningdek, Ko‘chmas mulk kadastri federal agentligi va Maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish federal agentligini ham boshqargan. Rossiyada aktivlarni boshqarish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar sohasida ish olib boradigan eng yirik kompaniyalardan biri hisoblangan UFG kompaniyalar guruhiga («OFG Invest») prezident lavozimiga tayinlangan,.

«Mishustin — haqiqiy texnokrat, Rossiya hukumatida birinchilardan bo‘lib raqamlashtirish bilan „kasallangan“ bo‘lib, katta byurokratik va korrupsiyalashgan soliq idorasini to‘qqiz yil ichida o‘zining eng yaxshi xalqaro tajribasidan foydalangan holda zamonaviy va texnologik rivojlangan xizmatga aylantira oldi», — deb yozadi agentlik u haqida.

Ayni paytda, Vladimir Putin Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimini joriy etdi va ushbu lavozimga sobiq bosh vazir Dmitriy Medvedevni tayinladi. Avvalroq prezident tomonidan konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish taklif qilingani munosabati bilan butun hukumat iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi.