Kanada bir necha manbalardan olingan razvedka ma’lumotlariga asoslanib, «Ukraina xalqaro aviakompaniyasi» Boeing 737 samolyoti Tehronda Eronning «yer-havo» raketasi bilan urib tushirilganini taxmin qilmoqda, deya ma’lum qildi Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo payshanba kuni.

«Ehtimol, bu tasodifan chiqqan bo‘lishi mumkin», — dedi u va Kanada sheriklari bilan aviahalokatning asl sabablarini aniqlash uchun to‘liq va oshkora tekshiruvni olib borish uchun ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

Keyinchalik Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham Boeing Eron raketasi bilan «ehtimol bexosdan» otilganligini tasdiqlovchi dalillar borligini aytdi.

Avvalroq Amerikaning Newsweek jurnali Pentagon hamda AQSH va Iroq razvedka xizmatidagi manbalarga tayanib, laynerning Eron havo mudofaasi tizimlari xato ravishda yo‘q qilgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Kiyevga uchayotgan ukrain Boeing 737 samolyoti 8 yanvar kuni ertalab, Tehron aeroportidan havoga ko‘tarilganidan so‘ng, qulab tushgan edi. Samolyot bortidagi 176 kishining barchasi vafot etgan. O‘lganlar orasida Eronning 82, Kanadaning 63, Ukrainaning 11 (2 yo‘lovchi va 9 ekipaj a’zosi), Shvetsiyaning 10, Afg‘onistonning 4, Germaniyaning 3 va Buyuk Britaniyaning 3 nafar fuqarosi bo‘lgan.