Mehriddin Razzoqovich Abdullayev «O‘zbekneftegaz» AJ boshqaruv raisi etib tayinlandi, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati. Avvalgi rahbar Bahodir Bahromovich Sidiqov boshqa ishga o‘tganligi sababli iste’foga chiqdi.

Mehriddin Abdullayev (1969 yilda tug‘ilgan), 2017 yil dekabr oyidan boshlab O‘zbekiston Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (1993) va Toshkent davlat yuridik institutini (2005) tamomlagan.

Avvalroq, 2016 yilda u Buxoro viloyati hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2017 yilda hokimliklarning boshqaruv tuzilmasi yangilanganidan keyin u viloyat hokimining iqtisodiyot va biznes masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2010−2012 yillarda u Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijrochi direktori, 2012−2015 yillarda — Moliya vazirining o‘rinbosari, 2015−2016 yillarda — Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi ijrochi direktori.

2006−2010 yillarda O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2003−2006 yillarda — Markaziy bankning Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.