O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati 2020 yil 1 yanvardan kutilayotgan o‘zgarishlar ro‘yxatining ikkinchi qismini e’lon qildi.

1. 2020 yil 1 yanvardan tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi.

2. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari:

respublika, viloyatlararo NNTlar uchun — BHMning 4 baravaridan 3 baravarigacha;

viloyat NNTlari uchun — BHMning 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.

3. «Barkamol avlod» bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:

direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun 1,55 baravarga, to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshiriladi;

instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq to‘lash bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshiriladi hamda ularning bazaviy tarif stavkalari to‘garak rahbarlarinikiga tenglashtiriladi.

4. Yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam bo‘lmagan eksport ulushiga ega bo‘lgan korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

To‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, va mo‘ynachilik korxonalarining foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazasi yetti yil davomida teng ulushlarda zamonaviy tozalash va kanalizatsiya inshootlarini qurish bo‘yicha xarajatlar summasiga kamaytiriladi.

Chorva mollarini so‘yish bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» va «O‘zcharmsanoat» uyushmalarining xorijiy konsultantlari O‘zbekiston Respublikasidagi daromad manbalari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini uning belgilangan stavkasidan 50 foiz miqdorida to‘laydi.

5. Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududi fuqarolari uchun tashuvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga yo‘lovchilar to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim qilgan holda qaytish aviachiptasi mavjud bo‘lgan shartlarda mamlakatimiz xalqaro aeroportlari orqali 7 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi belgilandi.

6. Quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etiladi:

fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha bo‘lgan jarayonda dalillarni ta’minlash;

mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish;

mualliflik va turdosh huquq ob’ektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash.

Quyidagi qulayliklar yaratiladi:

ko‘chmas mulklar bo‘yicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklar haqida ma’lumotlar faqat Byuroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;

agar taraflar turli hududlarda bo‘lsa, o‘sha hududdagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin;

ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘ladi;

respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkin bo‘ladi;

notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish xizmati joriy etiladi;

notarial arxivda mavjud bo‘lgan hujjatlar nusxasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.

7. Dorilar va tibbiy buyumlarning savdo jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash mazkur faoliyat uchun litsenziya talabi hisoblanadi va talabning muntazam bir yil davomida bir martadan ko‘p buzilishi litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo‘ladi.

8. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Qo‘mita tizimiga kiruvchi byudjet tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari 1,5 koeffitsiyentga oshiriladi.

9. Jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:

quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun — 3 million so‘mdan;

quyosh suv isitkichlar uchun — 1,5 million so‘mdan;

gaz-gorelkali qurilmalar uchun — 200 ming so‘mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.

10. «Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi» «O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi» («UzTest»)ga aylantiriladi.

11. Turizm faoliyati sub’ektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSH dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 50 AQSH dollari miqdorida qoplab beriladi.

Xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi («rebate») bitta mahsulot uchun 300 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

O‘zbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari to‘g‘risidagi to‘liq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, «karaoke» zallari va turistik qo‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi har bir loyiha uchun 10 million so‘m miqdorida qoplanadi.

Tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha moddiy madaniy meros ob’ektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qo‘yiladi.

YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros ob’ektlari va davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar hududida faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish;

jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish.

13. Yuridik shaxslar — sug‘urta brokerlari va sug‘urta agentlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi.

Sug‘urta tashkilotining boshqa sug‘urta tashkilotlari ustav fondlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sug‘urta zaxiralarining minimal darajasi belgilanadi.