Mudofaa vazirligiga qarashli «Forish» tog‘ dala-o‘quv maydonida xizmat qilayotgan Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari murakkab va harakatlanish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarda jangovor vazifani bajarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

O‘tkazilgan taktik o‘quv mashg‘ulotida harbiy xizmatchilar tog‘li hududlarda harakatlanish, tog‘ tayyorgarligi anjomlaridan samarali foydalanish, tik va yassi balandliklarga arqon yordamida va arqonsiz chiqib-tushish, soy va daryolar, daralar ustidan o‘tish hamda yaradorlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishdi.

Shuningdek, qulay va ko‘zga tashlanmaydigan pozitsiyalarni egallash, maydon kuzatuvini tashkil etish, hujumga o‘tish, otish pozitsiyalarini o‘zgartirish, yangi so‘qmoqlarni tashkil etish kabi mashqlarda mahorat va tajribalarini sinovdan o‘tkazib, bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirildi.

O‘tkazilgan ushbu mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning o‘ta murakkab vaziyatlarda aniq va tezkor harakatlanishga, noqulay sharoitlarda ham yashovchanlik ko‘nikmalari hamda jangovar shaylikni saqlash borasidagi bilimlarini mustahkamlashi bilan ahamiyatli bo‘ldi.