O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi dasturi 18 dekabr kuni tongda Aichi prefekturasi gubernatori Xideki Omura bilan uchrashuvdan boshlandi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Aichi prefekturasi o‘rtasida ta’lim va madaniyat sohasidagi samarali muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va qo‘shma agroklasterlar tashkil etish, turizm, akademik almashinuv sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va aniq loyihalarni ilgari surish uchun imkoniyatlar mavjudligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston tomonidan prefekturaning sherigi etib Toshkent viloyati belgilandi. O‘zaro tashriflarni tashkil etish va Aichidan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

Rasmiy tashrif bilan Nagoya shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu shahar meri Takasi Kavamura bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Nagoya meriyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi natijasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Toshkentda Nagoya yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish, iqtisodiyot, sanoat, transport, ta’lim, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda innovatsion loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

2020 yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Uchrashuv so‘ngida Toshkent hokimligi va Nagoya meriyasi o‘rtasida Sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi.