18 dekabr kuni Toshkentda metroning Yunusobod yo‘nalishi qurilishining ochiq uchastkasida tuproq o‘pirilishi ro‘y berdi, deya xabar qildi «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi matbuot xizmati.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi Xusniddin Xosilov hodisa joyiga bordi. Hodisa tafsilotlari va jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlar o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari haqida yaqin vaqtlarda xabar qilinadi.

O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri Ochilboy Ramatovning shaxsan nazorati ostida xizmat tekshiruvi boshlandi.

«Gazeta.uz» muxbirining o‘pirilish ro‘y bergan joydan ma’lum qilishicha, Mega Planet savdo markazi qarshisidagi yo‘l yopilgan, avtobuslar yo‘nalishi o‘zgartirilgan. Hodisa joyida bir necha tez tibbiy yordam mashinalari turibdi.