O‘zbekistonda yapon tadqiqotchisi Kyudzo Kato nomidagi muzey ochiladi, deya xabar qildi «Dunyo» axborot agentligi. Bu haqda Tokioda bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston va Yaponiya Buyuk ipak yo‘lida» xalqaro anjumani doirasida Kyudzo Katoning ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ma’lum qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov 2020 yilda Kyudzo Kato nomidagi yodgorlik majmuasi va muzey barpo etilishini ta’kidlab o‘tdi.

Ko‘rgazma ochilishida Kyudzo Kato to‘g‘risidagi «O‘zbekiston yapon olimi qalbida» asari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Yapon arxeologi, antropolog, tarixchi va etnograf, Yaponiya Milliy etnologiya muzeyi faxrif professori Kyudzo Kato O‘zbekiston merosi, tarixi va me’moriy yodgorliklarini o‘rganishga ixtisoslashgan edi. Bugun respublikada uning nomidagi uy va ko‘cha mavjud.

25 yildan ziyodroq vaqt mobaynida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va boshqa ilmiy institutlar bilan hamkorlik qildi, turli loyihalarda ishtirok etdi, Surxondaryo viloyatida (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayon, Fayoztepa) arxeologik qazishmalar olib bordi. Uning tadqiqotlari natijalari O‘zbekiston tarixi bo‘yicha maktab darsliklaridan ham o‘rin oldi. Tadqiqotchi hayoti davomida «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti faxriy doktori unvoniga loyiq ko‘rildi.