O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zolari «Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni ko‘rib chiqib, ma’qulladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Qonunni ishlab chiqish zarurati notarial harakatlar soni oshgan sharoitda davlat notarial idoralarida qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish jarayoni murakkablashganligi, bu esa ish hajmiga qarab xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni oshishiga to‘sqinlik qilishi bilan izohlandi, deyiladi xabarda.

Qonunda «Garov to‘g‘risida"gi, «Notariat to‘g‘risida"gi, «Lizing to‘g‘risida"gi, «Ipoteka to‘g‘risida"gi, «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida"gi, «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi, «Mediatsiya to‘g‘risida"gi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Fuqarolik protsessual kodekslariga, shuningdek, Oliy Majlis qarori bilan tasdiqlanadigan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonunda davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralarga bosqichma-bosqich o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Qonun bilan davlat va xususiy notarial idoralar teng huquqlarga egaligi va bir xil majburiyatlarni zimmasiga olishi belgilangan. Davlat va xususiy notariuslar rasmiylashtirgan hujjatlar bir xil yuridik kuchga ega.

O‘zbekiston Notarial palatasining faoliyatini tashkil etish tartibi, uning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilanmoqda. Ayrim turdagi bitimlar uchun majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinmoqda, notarial harakatlarning yangi turlarini joriy etish belgilangan.

Shuningdek, mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish, ijaraga olish (ijaraga berish) va undan bepul foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ayrim talablarni bekor qilinmoqda hamda bunday turdagi bitimlarni tasdiqlash jarayoni soddalashtirilmoqda.

Notarius o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zarardan fuqarolarni himoya qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish, notariusga elektron murojaat qilish tizimini takomillashtirish orqali tezkor notarial xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.

Qonunga notarial harakatlarning yangi turlagi joriy etilmoqda. Xususan, notariuslar mediator vazifasini bajarishi, daliliylikni ta’minlashi, mualliflik va aralash huquq ob’ektini taqdim etish vaqtini hamda elektron hujjat va qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatning bir xil yuridik kuchga ega ekanini tasdiqlashi mumkin.