Xorazm lazgi raqsi O‘zbekistonning madaniy yodgorligining bir qismi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhkamov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Bu haqdagi qaror 12 dekabr kuni Bogotada (Kolumbiya) YUNESKO Nomoddiy madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining 14-sessiyasida qabul qilindi.

O‘zbekistonning YUNESKOdagi elchisi Umid Shodiyev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi «Lazgi» nominatsiyasi taqdimotini o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston boy tarix va beqiyos madaniy merosga ega davlat sifatida YUNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga o‘zbek xalqining yana ko‘plab nomoddiy madaniy merosining noyob elementlarini taklif qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Foto: Aziz Abduhakimov / Facebook.

Jumladan, o‘zbek tomoni baxshichilik san’ati hamda etnik sport turlarini kelgusi yillarda ushbu ro‘yxatga kiritish bo‘yicha harakatlarini boshlashini ma’lum qildi.

YUNESKO Nomoddiy madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasi lazgini ovoz berishsiz Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritishga qaror qildi.

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Shunday qilib, YUNESKO Xorazm raqsini saqlab qolish, rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish majburiyatini zimmasiga oldi. Bunga qadar esa «Shashmaqom» va «Boysun tumanining madaniy makoni» (2008), «Katta ashula» (2009), «Askiya» (2014), «Palov madaniyati va urf-odatlari» hamda «Navro‘z» (2016) mazkur ro‘yxatdan joy olgan.

YUNESKO Nomoddiy madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasi yana 42 mamlakatning madaniy meros elekmentlarini o‘rganish bo‘yicha o‘z faoliyatini davom ettiradi.