O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi yoshlar turizmini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq turizm mavsumini uzaytirish maqsadida yozgi ta’til muddatini qisqartirish hisobidan emas. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabarida so‘z boradi.

Barcha ta’lim muassasalari uchun besh kunlik o‘quv haftasini joriy etish hamda qishgi ta’til davomiyligini uzaytirish taklifi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan edi. Qo‘mita tomonidan taqdim etilgan hujjat loyihasida bu o‘quvchilar, talabalar va ularning ota onalariga mamlakat bo‘ylab ko‘proq sayohat qilish imkonini beradi, deyiladi.

XTV takliflar vazirlik bilan kelishilmaganligi hamda ularni faqat chuqur tahlil qilinganidan so‘ng qabul qilish kerakligini bildirdi.

Birinchidan, hozirgi kunda ko‘pchilik maktablarda ta’lim ikki yoki undan ortiq сменадаolib borilmoqda. Maktablarda besh kunlik o‘qish tizimini joriy etilishi esa bunday o‘quv muassasalar sonini keskin oshiradi. Ya’ni o‘quvchi o‘rni va binolarga qo‘shimcha talab keskin ortadi. Bu holatda Turizm qo‘mitasi tomonidan Investitsiya dasturiga maktablar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratiladimi?

Ikkinchidan, ayni paytda aksariyat ota-onalarning mehnat faoliyati haftada olti kunni tashkil etadi. Bunday oilalarda shanba kuni bolalar xavfsizligini kim ta’minlaydi, degan savol kelib chiqadi. Bu holat yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning o‘sishiga sabab bo‘lmaydimi?

Uchinchidan, yoshlarning hatto o‘zi yashayotgan hududidagi turizm ob’ektlariga sayyohati ham mablag‘ talab qiladi. Bu mablag‘lar kimning hisobiga qoplanadi? Ota-onalarnimi? Yana bunga o‘qituvchi mas’ul bo‘ladimi? O‘quvchilar xavfsizligini kim ta’minlaydi? Bolalar avtobusda olib borilsa, ularning xavfsizligi ichki ishlar tomonidan ta’minlanishi kerak bo‘lsa, ushbu xarajatlar qanday qoplanadi?

To‘rtinchidan, yozgi ta’tilni qishki ta’til hisobiga qisqartirish taklifi berilgan. Bizda ta’tillar mamlakat iqlimidan kelib chiqib belgilangan. Yozning issiq havosida 30−35 kishi bir xonada 45 daqiqa o‘tira oladimi? Xonalarda sovutish tizimi kimning hisobiga o‘rnatiladi? Elektr ta’minotiga bo‘lgan talab keskin ortishi tufayli maktab elektr tizimidagi o‘zgartirishlar hamda elektr iste’moli uchun xarajatlarni oshishi qaysi mablag‘ hisobidan qoplanadi? O‘quvchilar bunday sharoitda darsni yaxshi o‘zlashtira oladimi?

Beshinchidan, yoz davrida asosan davlat investitsiya, «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari doirasida maktablar rekonstruksiya qilinadi yoki ta’mirlanadi. Hozirda pudratchilar mazkur ishlarni yakunlashga o‘quv yili boshlanishiga qadar zo‘rg‘a ulguryapti. Yozgi ta’til qisqarsa, dars va qurilish-ta’mirlash jarayonlari bir vaqtda olib boriladimi?

Oltinchidan, o‘quv yili davomida har chorakda o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalari tashkil etiladi. Bunga sabab o‘quvchilarning dars jarayoniga xalaqit bermaslikdir. Yangi taklif bolalarga ortiqcha bosim o‘tkazmaydimi?

Yettinchidan, qishki turizm uchun infratuzilma mavjudmi? Transport tizimi uzluksiz ishlashga tayyormi?

Sakkinzinchidan, qishda bolasini biror bir joyga yuborishga imkoniyati yo‘q ota-onalar nima qilsin?

XTV har bir taklif tahlillarga asoslangan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Qaror loyihasi tayyorlanish jarayonida shunday tahlil qilinganmi? Ya’ni ta’lim besh kunlik o‘qish tizimini joriy etish hamda yozgi ta’til muddatini qisqartirish hisobidan qishki ta’til davrini uzaytirish ichki turizmini rivojlantirishga qanday turtki beradi? Ushbu topiladigan daromadlar yuqorida ko‘rsatilgan xarajatlarni qoplay oladimi? Istalgan yangilik kiritilishidan avval undan bo‘ladigan ijobiy va salbiy ta’sirlar to‘liq tahlil etilishi (Cost-benefit analysis) hamda ijobiy ta’sirlar ko‘proq bo‘lgandagina ushbu yangilikni qabul qilish mumkin.

Aniq hisob-kitoblar va tahlillar amalga oshirilgan bo‘lsa, qarorni kelishishdan avval ularni taqdim etish to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblaydi XTV.