AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning oltita kompaniyasi va Evil Corp. Xakerlik guruhi (Dridex Gang nomi bilan ham mashhur), shuningdek ular bilan bog‘liq Rossiya, Ukraina, O‘zbekiston, Moldova, Yunoniston, Isroil va Ispaniya fuqarolari bo‘lgan 17 nafar shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etilgani haqida e’lon qildi.

RBKning yozishicha, sanksiya e’lon qilingan shaxslar va tashkilotlarning AQSH yurisdiksiyasidagi barcha aktivlari muzlatilishi lozim, AQSH fuqarolari va Amerika kompaniyalariga ular bilan shartnomalar tuzish taqiqlandi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Evil Corp. Dridex zararkunanda dasturini ishlab chiqish va tarqatish, 40 dan ziyod davlatlarda banklar va moliya kompaniyalari kompyuterlarini zararlash yo‘li bilan 100 mln dollardan ziyodroq mablag‘ni o‘g‘irlashda ayblanmoqda.

AQSH moliya vaziri Stiven Mnuchinning ta’kidlashicha, Evil Corp. kiberjinoyat sohasida eng kuchli tashkilotlardan biri. Sanksiya e’lon qilingan kompaniyalar ro‘yxatidan «Biznes-stolitsa», «Optima», «Treyd-invest», «SAO», «Vertikal» va «YUNIKOM» o‘rin olgan.

AQSH Moliya vazirligining qayd etishicha, Evil Corp. guruhiga boshchilik qiladigan Maksim Yakubets kiberjinoyatchilik sohasida Rossiya hukumatining zararli xatti-harakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatadi. Xabarda Yakubetsning Rossiya FXX bilan hamkorlik qilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Amerika Moliya vazirligi Evil Corp. bilan bog‘liq deb hisoblayotgan boshqa shaxslar guruhda boshqaruvchilik vazifalarini bajarishgan, ayrimlari esa o‘g‘irlangan mablag‘larni qo‘lga kiritishga yordam berishgan. Ro‘yxatdan O‘zbekiston fuqarosi Azamat Safarov (1990 y. t.) ham o‘rin olgan.

AQSH Moliya vazirligi Davlat departamenti Evil Corp. yetakchisini qo‘lga olishga yordam beruvchi axborot uchun 5 mln dollar mukofot e’lon qilgani haqida xabar berdi.