O‘zbekiston Adliya vazirligi Farg‘ona shahar hokimining bir nechta xususiy mulk ob’ektlarini hokimlik zaxirasiga olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritdi. Uning bajarilishi nazoratga olindi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Xususan, Farg‘ona shahar hokimining 2019 yil 19 sentyabrdagi 965-sonli qarori bilan Constant Trading MCHJ va boshqa xo‘jalik sub’ektlariga tegishli xususiy mulki, ya’ni bino-inshootlari olib qo‘yilgan. Farg‘ona shahar hokimi vakolat doirasidan chetga chiqib, tadbirkorlarni xususiy mulk huquqidan mahrum qilgan holda ularga tegishli yirik ob’ektlarni bir necha yillardan buyon bo‘sh turganligi hamda samarali foydalanilmayotganligi vaji bilan hokimlik zaxirasiga olgan, deyiladi xabarda.

Adliya vazirligining qayd etishicha, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning 13-moddasida xususiy mulkka tajovuz qilishga, qonunga xilof ravishda xususiy mulk huquqini cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Bundan tashqari, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda tegishlicha 1921 va 2411-moddalarida xususiy mulkdorlarning mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklaganlik va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka tajovuz qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Ushbu holat bo‘yicha javobgarlik masalasini hal etish uchun prokuratura organlariga tegishli materiallar tayyorlanmoqda, deya qo‘shimcha qildi Adliya vazirligi.