Chorshanba kuni «O‘zbekiston 24» telekanalida saylovoldi debatlari jonli efirga uzatilayotgan vaqtda elektr uzilishi natijasida besh daqiqaga to‘xtab qoldi. Debatlar Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi bazasida bo‘layotgan edi.

Shayxontohur tumanidagi studiyada chiroq 11:58 da o‘chdi va ekran qop-qora bo‘lib qoldi. Telekanal bir necha soniyadan so‘ng boshqa bir lavhani efirga uzatdi. Oradan besh daqiqa o‘tib, 12:03 da efir qayta tiklandi. Bu vaqtda ekran ostida: «Jonli efirda aloqadagi uzilishlar uchun uzr so‘raymiz» harakatdagi satrlar namoyish etildi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati Milliy teleradiokompaniyasi va Toshkent metropolitenini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi «Shayxontohur-1» elektr nimstansiyasida qisqa muddatli nosozlik sababli elektr uzatishda uzilish sodir bo‘lganini xabar qildi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» xabariga ko‘ra, MSKning Xalqaro matbuot markazini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi «ATS-2» fideri kuchlanish ostida o‘chib qolgan, avtomat ulash uskunasi esa ishlamagan.