O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diy bugun, 23 noyabr kuni olamdan o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA. O‘zbek jurnalistikasi rivojiga katta hissa qo‘shgan ijodkor o‘zining to‘g‘riso‘zligi va halolligi bilan ajralib turardi.

Mahmud Sa’diy 1939 yil Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. Maktabni tamomlaganidan keyin hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limida tahsil oldi.

«Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, «Guliston» jurnalida katta adabiy xodim, bo‘lim mudiri, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bo‘lim mudiri, «Ma’rifat» gazetasida maxsus muxbir, sharhlovchi, bo‘lim muharriri vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi. So‘nggi vaqtlarda u «Ma’rifat» gazetasida ishlash bilan birga O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida yoshlarga dars bergan edi.

Mahmud Sa’diy o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan tajribali ijodkor, iqtidorli munaqqid va ko‘zga ko‘ringan tarjimon edi. O‘zbek adabiyotining eng dolzarb muammolari tahliliga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va tadqiqotlari orasida uning adabiy-tanqidiy maqolalar va suhbatlarni o‘z ichiga olgan «Teran tomirlar» kitobi alohida ajralib turadi. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari uchun «Tahrir san’ati» o‘quv dasturini yaratdi.

«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil» ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.