21 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini ijtimoiy muhofaza qilishning ustuvor masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, prezident uch darajali pensiya ta’minoti tizimiga o‘tish orqali pensiya badalini to‘lashdan manfaatdorlikni oshirish zarurligini ta’kidladi.

Bunda, birinchi darajada davlat minimal pensiya miqdorini belgilaydi. Ikkinchi darajada xodimning ish haqidan muayyan summa ushlanib, uning shaxsiy hisob-varag‘ida to‘planadi va Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan foiz hisoblab boriladi. Uchinchi darajada xodim pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘ miqdorini o‘zi belgilaydi.

«Bu tizim qo‘llanilsa, fuqaro kafolatli davlat pensiyasini olish bilan birga o‘z xohishiga qarab, pensiya yoshida qancha pensiya olishini o‘zi belgilash imkoniga ega bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Shu bois Moliya vazirligiga Jahon banki va nufuzli moliya tashkilotlari ekspertlari bilan hamkorlikda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, ijtimoiy sug‘urta turlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.