Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi «Tibbiyot qurilish» injiniring davlat unitar korxonasining 2016−2019 yillardagi faoliyati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Tekshiruvlarda korxona mansabdor shaxslari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi bino va inshootlarni ta’mirlash uchun byudjetdan ajratilgan jami 2,3 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini yaqin qarindoshlariga qarashli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga amalda ko‘rsatilmagan dezinfeksiya va kompyuter xizmatlari, haqiqatda bajarilmagan qurilish ishlari uchun o‘tkazib berib, talon-toroj qilganliklari fosh etilgan.

Bundan tashqari, ular jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘larining asl manbaini yashirib, mulkka aylantirish maqsadida, «Labo», «Nexia-3», «Cobalt», «Lacetti» va «Malibu-2» rusumli jami 9 ta avtomashinalarni xarid qilishib, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarini legallashtirishgan.

Tekshiruv davomida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarardan 1,1 mlrd so‘mi qoplanishi ta’minlandi.

Hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi «Tibbiyot qurilish» injiniring davlat unitar korxonasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.