Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida Yo‘l-patrul xizmati xodimini urmoqchi bo‘lgan fuqaro 15 kun davomida ma’muriy qamoq jazosini o‘taydigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yilning 28 oktyabr kuni soat 10:00 larda Farg‘ona viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati bataloni yo‘l-patrul xizmati ikkinchi otryadi uchinchi safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati katta inspektori belgilangan xizmat dislokatsiyasi asosida xizmat olib borgan. Inspektor Oltiariq tumani O‘zbekiston ko‘chasida yo‘l-harakati qoidasini 154-bandida ko‘rsatilgan qoidalarni buzib harakatlanib kelayotgan «VAZ-2101» rusumli avtomashinani to‘xtatadi.

Avtomobil haydovchisiga sodir etgan qoidabuzarligi holatini tushuntirib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtida shu ko‘chadan o‘tib ketayotgan fuqaro A.Yulchiyev hech bir sababsiz xodimning xizmat faoliyatiga aralashib, haydovchi sodir etgan qoidabuzarligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmay jo‘natib yuborishini talab qila boshlaydi. YPX inspektorini uyatli so‘zlar bilan haqorat qiladi. Uning qonuniy talablariga bo‘ysunmay urmoqchi bo‘ladi. Inspektor esa ishki ishlar bo‘limining navbatchilik qismiga holat yuzasidan xabar beradi. Shu kuni A.Yulchiyev Oltiariq tumani IIBga olib kelingan.

IIBning tegishli xizmatlari xodimlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Bag‘dod tumani ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, fuqaro A.Yulchiyev O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 183-moddasi hamda 194-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 15 kun muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.