O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10−11 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan «Valday» xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilari, tashkilotchilari va mehmonlariga o‘z qutlovini yo‘lladi. Qutlov matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Davlat rahbari o‘z qutlovida «Valday» klubining har bir yig‘ilishi hamisha butun dunyo mutaxassislari va jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otadigan yorqin hodisa bo‘lib kelganini qayd etib o‘tdi.

«Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo xalqlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mintaqada mutlaqo yangi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini yaratishga erishildi. Siyosiy ishonch yuksak darajaga ko‘tarildi. Bu esa bugungi kunda mintaqadagi hayotiy muhim muammolarni samarali hal etish imkonini bermoqda. Davlat chegaralari, suvdan foydalanish, transport va savdo masalalari bo‘yicha oqilona murosaga erishildi», — deyiladi O‘zbekiston rahbari tabrigida.

Tabrikda qayd etilishicha, O‘zbekiston ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish tarafdori. «Asosiy maqsadimiz Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqa, tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirishdan iborat. Shubhasiz, bularning barchasi global xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, butun Yevroosiyo mintaqasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlarining dunyodagi yetakchi hamkorlar, birinchi navbatda, Rossiya bilan o‘zaro manfaatli va teng huquqli munosabatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi», — deyiladi qutlovda.

«Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori va ittifoqdoshi, — dedi davlat rahbari. — Azaliy do‘stlik rishtalariga asoslangan munosabatlarimiz izchil rivojlanib, yangi amaliy mazmun bilan boyimoqda».

«O‘zbekiston savdo, sanoat kooperatsiyasi, investitsiya, innovatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi sohasidagi, yirik transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining mavjud salohiyatini to‘liq ishga solishdan manfaatdor. Madaniyat va ta’lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda», — deyiladi Shavkat Mirziyoyevning tabrigida.

Qutlovda O‘zbekiston prezidenti «Valday» klubining O‘zbekistondagi bugungi uchrashuvi mamlakatlarimizning ishonchli muloqot va amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda barcha darajalarda rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishining yorqin dalili ekanini ta’kidladi.