Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida Qirg‘iziston jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi. Shanba kuni poytaxtdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 3:1 hisobida yakunlandi.

Hisob 11-daqiqada milliy terma jamoa hujumchisi Igor Sergeyev tomonidan ochildi. Mehmonlar yarim himoyachisi Farxat Musabekov hisobni tenglashtirdi, biroq ikkinchi taymda o‘zbekistonliklar yana ikki marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Yarim himoyachilar Dostonbek Hamdamov (53') va Jamshid Iskandarov (80') gollari O‘zbekistonga g‘alaba keltirdi.

Uchrashuv oldidan bosh murabbiy Vadim Abramov Futbol assotsiatsiyasidan Qirg‘iziston bilan o‘yin televideniye orqali efirga uzatilmasligini so‘ragan edi. Bunga 2022 yilgi jahon chempionatiga Osiyo saralash bosqichi doirasida Saudiya Arabistoniga qarshi 14 noyabrda bo‘lib o‘tadigan o‘yin oldidan murabbiylik usullarini ko‘rsatmaslik istagi sabab qilib keltirilgan edi.

Jamoatchilikning qizg‘in muhokamalaridan so‘ng 57 yoshli mutaxassis qarorini o‘ylab ko‘rdi. Yakunda o‘yin Sport telekanali orqali efirga uzatiladigan bo‘ldi.

Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin 14 noyabr kuni"Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tadi.