Kuni kecha Yangiyer shahar hokimligi va Investitsiya va tashqi savdo bo‘limi tomonidan Yangiyer erkin iqtisodiy zonasi hududida bir yo‘la ikkita to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalar qurilishiga start berildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ulardan biri 2020 yil IV chorakda ishga tushirish rejalashtirilgan har xil turdagi gazabloklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan Xitoy investorlari ishtirokidagi «NANOBLOCK» MCHJdir.

Korxonaning umumiy qiymati 7,5 mln AQSH dollarni tashkil etib, mahsulotlarning 70 foizi eksporga mo‘ljallangan.

Navbatdagi loyiha afg‘onistonlik investor «YANGIYER FLOUR TRADING» MCHJ rahbari Shafiq Alimiga tegishli bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 3,5 mln AQSH dollarini tashkil qiladi.

Korxona bo‘g‘doyni qayta ishlab un mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. 2020 yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilyotgan mazkur korxona mahsulotlari 100 foiz eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Xar ikkala loyihalar ishga tushishi natijasida 130 dan oshiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkunki, Yangiyer «EIZ» hududida bugungi kunda un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Inter Greyn» MCHJ korxonasi mavjud.

Mazkur korxona 2018 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda korxona tomonidan 6,5 mln AQSH dollarlik investitsiya jalb qilingan va 4,0 mln AQSH dollarlik eksport amalga oshirilgan. Bu Yangiyerning 75 foiz eksport ko‘rsatkichini o‘z ichiga oladi.