6 noyabrga o‘tar kechasi Tojikistonning O‘zbekiston bilan chegarasidagi «Sultonobod» chegara otryadi 4-«Ishkobod» harbiy qismi chegara postiga hujum uyushtirgan qurollangan shaxslar «Islom davlati» terroristlar tashkilotining maxsus topshirig‘ini bajargan. Bu haqda «Xovar» agentligi tomonidan e’lon qilingan Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabarida so‘z boradi.

Tergov harakatlari va qo‘lga olinganlarni so‘rov qilish jarayonida guruhning barcha ishtirokchilari IB a’zolari ekani va Afg‘onistonning Qalai Zal tumanidan (Qunduz viloyati) davlat chegaralarini noqonuniy ravishda kesib o‘tgan holda 3 noyabr kuni Tojikistonning Xatlon viloyati Kubodiyon tumani (O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati bilan chegaradosh) hududiga kelgani ma’lum bo‘ldi, deyiladi xabarda.

«Ular o‘zlari uchun eng maqbul pozitsiya sifatida „Ishkobod“ chegara qismini tanlab, qurolli otishmaga kirishgan», — deya xabar qildi DMXQ. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq 20 nafar niqoblangan noma’lum shaxslar 4 ta mashinada kelib otishma sodir etgani xabar qilingan edi. Kuch ishlatar tuzilmalar o‘tkazgan operatsiya natijasida qurollangan guruhning 15 a’zosi yo‘q qilingan, 5 nafari qo‘lga olingan.
Otishma natijasida chegara qo‘shinlarining bir askari hamda Tojikiston IIVning bir xodimi vafot etdi.