Toshkent shahrida 2 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Majlis O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov, Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri Asqar Mamin, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan, Qirg‘iz Respublikasi bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg‘aziyev, Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Dmitriy Medvedev, Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Hindiston Respublikasi mudofaa vaziri Rajnat Singx va Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining SHHT bo‘yicha milliy koordinatori Zahur Ahmadning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Muzokarada SHHT bosh kotibi Vladimir Norov va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov ham ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida SHHT faoliyati izchil rivojlanib borayotgani, tashkilot Xartiyasi va a’zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma bunda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

SHHT qisqa muddatda jadal rivojlanib, nufuzli tashkilotga aylandi. Uning xalqaro maydondagi mavqei yil sayin ortib, tashkilotga a’zo bo‘lish istagini bildirgan davlatlar safi tobora kengayib bormoqda. Hindiston va Pokistonning 2017 yilda tashkilot a’zoligiga qabul qilinishi SHHT doirasida ochiqlik tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etishidan dalolat.

ShHTning asosiy maqsad va vazifalari a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik, iqtisodiyot hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Bu kabi maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda fan-texnika, ta’lim, madaniyat, energetika, transport, ekologiya kabi sohalarda samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida ShHT hududida terrorizm, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ShHTga a’zo davlatlar va mintaqada barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, ijtimoiy-madaniy sohada hamkorlikni kengaytirish uchun muhim shartnomaviy-huquqiy asos yaratildi. Bugungi kunda yetmishdan ortiq kelishuv va boshqa me’yoriy hujjatlar tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni tartibga solib kelmoqda.

O‘zbekiston ShHT ta’sischi davlatlaridan biri sifatida tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, uning xalqaro obro‘-e'tiborini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashkilotdagi ishtirokini sezilarli darajada faollashtirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlarining Ostona, Sindao va Bishkek sammitlarida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy takliflarni ilgari surdi.

Toshkent tashabbusi bilan temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlari uchrashuvining mexanizmi, mamlakatimizda tashkilotga a’zo davlatlar orasida birinchi bo‘lib SHHT xalq diplomatiyasi markazi, Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil etildi. Shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining yoshlarga qo‘shma murojaati va uni hayotga tatbiq etish bo‘yicha harakatlar dasturi, ShHTga a’zo davlatlar ilmiy-tadqiqot muassasalarining 2019−2020 yillardagi hamkorligi “Yo‘l xaritasi”, Mintaqalararo hamkorlik dasturi, Raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.

Hukumat rahbarlari kengashi ishtirokchilari kun tartibi va uning doirasida imzolanadigan hujjatlar ro‘yxatini tasdiqlashdi, ShHT faoliyatiga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishdi.

Kengashning kengaytirilgan tarkibdagi majlisida ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi raisi M.Sharshekeyev va ShHT Banklararo birlashmasi kengashi raisi A.Omorkulov, kuzatuvchi davlatlar vakillari — Afg‘oniston Islom Respublikasi bosh vaziri A.Abdulla, Belarus Respublikasi bosh vaziri S.Rumas, Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti I.Jahongiriy, Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari U.Enxtuvshin, faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari — BMT ESKATO ijrochi kotibi o‘rinbosari X.Xam, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Ivanov, ASEAN Bosh kotibi o‘rinbosari R.Tene, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashi kotibiyati ijrochi direktori H.Mirzozoda, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi T.Sarkisyan, BMT FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili V.Raxmanin qatnashdi.

Majlis ishtirokchilari ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Bishkek sammitida hukumatlar oldiga qo‘yilgan vazifalar — a’zo davlatlar o‘rtasida xavfsizlik, siyosat, iqtisodiyot, sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga oid tashkilot Bosh kotibi V.Norovning hamda ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi kengashi raislarining tuzilma faoliyatiga oid axborotlarini tingladilar.

Hukumat rahbarlari ShHTga a’zo davlatlar ishbilarmon doiralarining yuqori texnologiyali va innovatsion qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, iqtisodiyotning infratuzilma, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, raqamlashtirish, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi muhim tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirish, ko‘rgazma-yarmarka faoliyati va multimodal transport-logistika komplekslarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarining muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

Birgalikda ochiq turdagi xalqaro iqtisodiyotni shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi.

Majlisda transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi yana bir bor tasdiqlandi. ShHTga a’zo davlatlar temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida temir yo‘l transporti sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik konsepsiyasi tasiqlandi. Bu mintaqadagi mavjud tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish, transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, yuk tashish hajmini ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi. Shu orqali ShHT makonida tovarlar aylanishi va investitsiya faolligini oshirish uchun qulay muhit yaratiladi.

ShHTga a’zo davlatlar sayyoramizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, global taraqqiyotga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surishdagi xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. ShHTga a’zo davlatlarning bu boradagi tutumi tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining Sindao va Bishkek sammitlari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyalarda yana bir bor o‘z aksini topdi.

Majlisda ShHT bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangani tashkilot faoliyatida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar aloqa sohalaridagi hamkorlik ko‘p qirrali xususiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.

ShHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida chekka va qishloq hududlarida aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatishda ko‘p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu jihatdan hukumat rahbarlari kengashining mazkur majlisi doirasida chekka va qishloq hududlarini raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirishda yakdil qarorga kelingani muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, madaniyat, ta’lim, sport, fan va texnika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Mamlakatlarning boy tarixiy-madaniy merosini targ‘ib etish maqsadida mintaqaning sayyohlik salohiyatidan yanada to‘laroq foydalanishga oid aloqalarni rivojlantirish, bunda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti imkoniyatlaridan keng foydalanish taklif etildi.

Bu ShHT hududida istiqomat qilayotgan xalqlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga, ularning manfaatlari yo‘lida madaniyatlararo muloqotni faollashtirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar chog‘ida Orol mintaqasidagi ekologik vaziyatni inobatga olgan holda, “Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi"ni tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi ilgari surildi.

Hukumat rahbarlari ShHTga a’zo davlatlarning ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi ijrosini ko‘rib chiqdilar va yangi dasturni ma’qulladilar.

Tashkilotning 2020 yil uchun mo‘ljallangan byudjetini tasdiqladilar.

Tadbirda jami 14 hujjat imzolandi. ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma kommyunike imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali bo‘lgani, imzolangan hujjatlar SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Delegatsiya rahbarlari ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining majlisi yuksak saviyada tashkil qilinganini e’tirof etib, O‘zbekiston tomoniga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2020 yilda ilk bor Hindiston Respublikasida o‘tkaziladi.