Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari kengashi majlisi doirasida poytaxtimizda bo‘lib turgan Belarus Respublikasi bosh vaziri Sergey Rumasni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, so‘nggi yillarda oliy darajada o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot yo‘lga qo‘yilgani tufayli O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari prinsipial jihatdan yangi darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Sergey Rumas O‘zbekiston prezidentiga iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ilgari surishdan, shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Joriy yil avgust oyiga Belarusga amalga oshirilgan oliy darajadagi rasmiy tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish muhim ekani ta’kidlandi.