«Toza havo» operatsiyasining kuzgi davrida 261,7 mingga yaqin transport vositalari zaharliligi va tutun chiqindilari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. U 10 avgustdan 10 sentyabrgacha viloyatlarda, 10 sentyabrdan 10 oktyabrgacha Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Operatsiya natijalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida taqdim etildi.

Poytaxtda sinovdan o‘tgan 14 mingta transport vositasining 6 foizida (842) zaharli moddalar va tutun chiqarish darajasining yuqoriligi aniqlangan. Butun respublika bo‘yicha bu ko‘rsatkich 4% ni tashkil etdi (9720 ta mashina). Zaharlilikni tartibga solish uchun 2989 ta transport vositasidan foydalanish vaqtincha to‘xtatildi.

«Avtomobillarni [benzinli dvigatellarda] sozlash bir soatdan ko‘proq vaqtni oladi. Dizel yonilg‘isida — ikki kungacha», — dedi Ekologiya bo‘yicha davlat qo‘mitasining atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Abdujalilov «Gazeta.uz»ga.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, havoni muhofaza qilish qonunchiligini buzganligi uchun YHXB 2472 ta avtomobil egalariga jarima solgan va jami 157 million so‘mdan ortiq jarima undirildi. Jarimalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi («Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish») bo‘yicha qo‘llanilmoqda.

Mamlakat miqyosida atmosferaga umumiy tashlamalarda transport vositalarining ulushi 60 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Qolgan 40 foizning manbasi sanoat tarmog‘i (energetika, kimyo va neft-gaz sanoati va qurilish industriyasi) hisoblanadi. Bundan tashqari, Toshkentda avtoulovlar ifloslantiruvchi chiqindilarning 90 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi («Gazeta.uz» bu haqda batafsil yozgan edi).

Avtomobillardan chiqadigan asosiy ifloslantiruvchi moddalar uglerod oksidi, uglevodorodlar, azot oksidi, oltingugurt dioksidi, aldegidlar, qattiq moddalar va boshqalar, asosiy issiqxona gazlari — metan va karbonat angidrid.